Uncategorized @uz

Kirill Yozuvi va Lotin Yozuvi: Mavjud Muammolar va Yechimlar

1993-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi Qonuni kuchga kirdi. Dastlab 2005-yilgacha lotin alifbosiga to’liq o’tish bo’yicha choralar ko’rish ko’zda tutilgan edi.

90-yillarning boshlarida lotin grafikasiga o’tish O’zbekiston tarixida yangi davrning boshlanganidan dalolat beruvchi jarayon sifatida ramziy tus oldi; bu o‘ziga xoslikni, identifikasiyani shakllantirish yo‘lidagi asosiy siyosiy o’zgarishlardan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, mazkur vaziyatga o’zbekcha talaffuzni yozuvda ifodalashda kirill alifbosi bilan bog’liq bo‘lgan noaniqliklarni tuzatish imkoniyati deb qaraldi. Shu bilan birga, ushbu o’tish lotin alifbosidan foydalangan holda chet tillarni tezroq o’rganishga yordam beradi deb ham hisoblandi.

“O’zbek o’ziga xosligi” birikmasi nisbatan yangi atama, tushuncha bo‘lgani sababli hozirgi o’zbek adabiy tilining ildizlari aksariyat o‘zbek olimlari tomonidan eski o‘zbek tili deb ataladigan chig‘atoy tiliga borib taqalishini anglash lozim. Bu tilda XIV asrdan XX asrning 20-yillari oxirigacha arab yozuvida yozilgan. Keyinchalik 1926-yildagi Boku Turkologik kongressi lotinlashtirish masalasini ko‘tardi va 1928-yilga kelib ushbu jarayonning birinchi bosqichlari kuchga kirdi. Gazeta va jurnal maqolalari yangi lotin alifbosidan foydalanishni boshladi; o’sha yili o’rta maktablarda ushbu alifbodan foydalangan holda darslar o’tkazila boshladi. XX asrning 20-yillari oxiriga qadar hukumat tomonidan lotin alifbosidan foydalanishga katta ishtiyoq ham, xalq tomonidan katta talab ham bo’lmagan. 30-yillarning oxiriga kelib o’zbek tilini lotinlashtirish jarayoni sustlashib kirillitsani joriy qilish bo‘yicha harakatlar boshlandi va bu jarayon 1940-yilda tugallandi. 1993-yildan yana lotin alifbosi joriy etila boshladi va bu jarayon 2005-yilga qadar tugatilishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida keyingi yildan boshlab o‘zbek tilining lotin alifbosi asosida o‘qitilishi ko‘zda tutildi. 1995-yilda qonunning ikkita moddasiga ba’zi harflarning imlosi va alifbodagi harflar soniga oid o’zgartirishlar kiritildi. Biroq muddat 2005-yildan keyin ham yana bir necha bor uzaytirildi va 2021-yilga kelib hali ham yozuvni lotinlashtirish ishlari to’liq amalga oshirilmadi.

Dastlab bir necha yil davomida lotin alifbosiga o’tish bo‘yicha to’g’ri siyosat olib borildi: yosh avlod uni ta’lim muassasalarida o‘rgandi, kattalar ish joylarida tashkil etilgan bepul maxsus kurslarda o‘qitildilar. Biroq 2004-yilda qonunga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi, bunga ko’ra yangi o’zbek lotin alifbosi va imlosiga to’liq o’tish 2010-yilga qoldirildi.

Yangi yozuvni joriy etish va unda savodxonlikni oshirish yillar davomida amalga oshiraladigan hodisalardir. Yangi yozuvni o’rganish uchun jamiyat juda mashaqqatli jarayonni boshidan kechirishi va bu sohadagi bilimlarni egallashdan tashqari, vizual xotira va amaliy ko’nikmalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak. 2004-yilda to‘liq lotinlashtirish muddati kechiktirilganidan so’ng, o‘rta va katta yoshdagi fuqarolarda ikkilanish paydo bo‘ldi va ular ish joyida lotin yozuvini o’rganishni to’xtatdilar. Bu masalaning ijtimoiy tomoni bo‘lsa, uning siyosiy va iqtisodiy jihatlari ham mavjud, masalan, yangi alifboni to’liq tatbiq etish uchun katta xarajatlar qilinishi kerakligini hamma tushunar edi. Natijada, taxminan 2006-2007-yillardan boshlab katta yoshdagi aholining lotin yozuviga bo‘lgan munosabati yana sovuqlashdi, ayni vaqtda ta’lim dargohlarida o’quv jarayoni lotin yozuvida davom ettirilaverdi.

 

Bugungi kunda mamlakat fuqarolari, asosan katta avlod vakillari yozuv bilan bog‘liq siyosatni tanqid qiladilar, uning to‘g‘riligiga nisbatan shubha bildiradilar. Mazkur masala 2017-yilning avgustida bir mutaxassis kirill alifbosiga qaytishni taklif qilib ochiq xat yozganida, 2019-yilgi saylovlar paytida, shuningdek, 2020-yilning oktabrida mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etilishi e’lon qilinganda, yana ko‘tarildi.

Umuman, aholi orasida yozuv bilan bog‘liq vaziyatning yechimlari borasida quyidagi fikr-mulohazalar mavjud:

  1. “Kirill alifbosiga qaytish kerak”. Biroq bir qancha sabablarga ko‘ra bunday bo‘lishi mumkin emas. Bunday fikr ko‘proq keksa, katta yoshdagi avlodga hamda hayoti boshqa tillar, ayniqsa, rus tili bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan odamlarga tegishlidir. Ular kirill alifbosining o‘zbek tiliga mos kelmaydigan jihatlari haqida, lotin yozuviga to‘liq o‘tish davr talabi ekani to‘g‘risida o‘ylashmaydi ham.
  2. “O‘zbek tili tovushlarini yozuvda aniqroq ifodalash uchun lotin alifbosining turkcha versiyasini joriy etish kerak”. Ba’zi mutaxassislar alifboga “ц” harfini (lotincha “с” shaklida) qayta kiritishni, shuningdek, “ng” harflar birikmasini alifbodan chiqarishni tavsiya etadilar. Ularning fikricha, “oʻ”, “g‘” harflari “ó”, “ǵ” bilan, “sh”, “ch” harflar birikmalari esa “ş” va “ç” bilan almashtirilishi lozim. Biroq 5-6ta o’zgartirish kiritish alifboni takomillashtirish masalasini qisman hal qilishga yordam beradi, muammo batamom barham topmaydi, muhokama va tanqid davom etaveradi, amaldagi alifbodan foydalanishga o’rgangan mutaxassislar ham, mutaxassis bo‘lmaganlar ham norozi bo’lib qolaveradilar.
  3. “Yozuv o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlarini to‘la aks ettirishi uchun alifboga ko‘p o‘zgarishlar kiritilishi kerak”. Bu holda o’zbek unli va undoshlari nazariyasining o’zi ham yangilanishi kerak bo‘ladi. Mazkur vaziyat esa o‘zbek lotin alifbosiga maxsus (masalan, “j” va “ɉ”ni yoki “i”, “o”, “o‘” fonemalarining turli pozitsiyalardagi allofonlarini ifodalash uchun va boshq.) unli va undoshlarni kiritish to’g’risida cheksiz bahs-munozaralarni keltirib chiqarishi mumkin. Undan tashqari, Yevropa tillaridan o‘zlashgan so’zlarni o’zbekcha talaffuzga moslashtirish zarurati paydo bo’ladi. Misol uchun, o’zbek filologlarining ayrimlari shunday fikr bildiradilar: “Nega biz “boks”(inglizcha “box”) deb yozib “bo’ks” deb talaffuz qilishimiz kerak? Keling “bo’ks” deb yozaylik, o‘zlashma so‘zlarning yozilishini talaffuzimizga moslashtiraylik”. Bunday o‘zgarishlar to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin uni amalga oshirishga ko‘p yillar kerak bo‘ladi, katta mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutiladi, natijada odamlar orasida yangi tortishuvlar va noroziliklar kelib chiqaveradi, bu esa savodxonlikni oshirish yo‘lidagi harakatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
  4. “Lotin alifbosining amaldagi versiyasini to‘la-to‘kis joriy etish lozim, unga hech qanday o‘zgarish kiritish kerak emas, zero har qanday o’zgarish moliyaviy va psixologik nuqtai nazardan juda qimmatga tushadi”. Biroq bu holda ham muammo uzil-kesil hal qilinmaydi. Odamlar, masalan, diakritik belgilar tufayli so’zlardagi harflar orasida bo’shliqlar mavjud ekanini, “ch” harf birikmasi mavjudligining mantiqsizligi va boshqa holatlarni tanqid qilaveradilar. Shu bilan birga, tilshunoslikning eng zamonaviy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan korpus lingvistikasini rivojlantirish, o‘zbek tili milliy korpusini yaratish ishlarini jadallashtirish uchun ham amaldagi alifbodaga o‘zgarishlar kiritilishi zarur.

Yuqoridagi fikrlar shuni ko’rsatadiki, bugungi kunda o’zbek xalqi yozuv masalalariga befarq emas, aholi bu masalani tinmay muhokama qilib kelmoqda. “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasidagi faollik buning dalilidir. Ayniqsa, muhokama jarayonida ko‘plab yosh avlod vakillari qatnashgani, qiziqarli g‘oya va fikrlarni bayon etganlari quvonarli hol.

So’nggi paytda hukumat tomonidan respublikada hamda xorijda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, aholining savodxonlik darajasini yanada yuksaltirish, nutq madaniyatini rivojlantirish masalalariga katta e’tibor berilmoqda. Ushbu yo‘nalishlarda keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda, mazkur ishlarga yoshlarning ham jalb qilingani yaxshi samara beryapti. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Savodli yoz!” guruhining faoliyati fikrimizga dalil bo‘la oladi. Ushbu guruh a’zolari Toshkent shahri va viloyatlardagi jamoat joylarida xato yozilgan yozuvlar, peshlavhalarni suratga olib namoyish etadilar, xatolik sababini, uni to‘g‘rilash yo‘llarini tushuntiradilar. Ko‘cha yozuvlaridagi xatoliklar bir tomondan, lotin alifbosini yaxshi o`rganmaganlik, transliteratsiya qoidalarini tushunmaslik bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yozma nutqqa e’tiborsizlik bilan qarashning natijasini ko‘rsatadi. Misollarga murojaat qilaylik:

 

Rasmda: Choyhona Nur // To‘g‘ri yozilishi: “Nur” choyxonasi

Rasmda: ”Mexmonxona” // To‘g‘ri yozilishi: “Mehmonxona”

Rasmda: “Poisk, No’mer” // Aslida bu ma’lumot tamomila boshqacha yozilishi kerak, mazkur yozuv o‘zbek tiliga ham, rus tiliga ham hurmatsizlik bilan qarashning oqibatidir. Ruscha “номер” (“number”) so’zining o’zbekcha ekvivalenti – “raqam” yoki “son”. Ruscha “поиск” (“search”) – “qidiruv”. Bu kabi hollarda matn rus tilida kirillitsada yoki o‘zbek tilida lotin yozuvida yozilishi kerak.

Rasmda: “Oktyabr” // To‘g‘ri yozilishi: “Oktabr”. Bu kabi xatolarga uzoq vaqt o‘zbek kirill yozuvidan foydalanib kelayotganlar yo‘l qo‘yadi. Kirill yozuvidagi “я” harfi ruscha so‘zlarning boshida va unlidan keyin kelganida “y” va “a” kombinatsiyasi sifatida talaffuz qilinishi kerak. Biroq undoshdan keyin kelgan “я” harfi (xuddi yumshatish belgisi “ь'”, “e”, “ё”, “и”, “ю” unlilari singari) shu undoshning yumshoqligini ko‘rsatadi. O‘zbek tilida undoshlarni yumshatishga ehtiyoj bo‘lmagani sababli “oktabr”, “luks”  kabi so‘zlarda “ya”, “yu” emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “a” yoki “u” yoziladi (istisno holatlari ko‘p emas).

O‘zbek kirill alifbosidagi “ц” harfi qatnashgan so‘zlarni lotin yozuviga o‘girish qoidasi ko‘pdan-ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan. Qoidaga muvofiq, agar “ц” harfi so‘z o‘rtasida unlidan keyin kelsa, lotin yozuvida uning o‘rniga “ts” harflari, boshqa barcha hollarda esa bitta “s” harfi yoziladi. Kirill yozuvini qo’llab-quvvatlovchilar “цех”, “цирк” kabi so’zlar tufayli shov-shuv ko’tarishdi. Transliteratsiya qoidalariga binoan yuqoridagi so‘zlar “sex” va “sirk” deb yozilishi lozim. Aslida, bu yerda hech qanday muammo yo’q. Bu kabi so‘zlarni o‘zbek tilida o‘zbekcha tovushlarni talaffuz qilib o‘qish va “o‘zbekcha tushunish” lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5850-son, 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarori davlat tilini yanada rivojlantirish, uning nufuzini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi. Ulardan biri – lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlash, ikki xil yozuvdan foydalanish tizimiga barham berish. Bunga javoban mutaxassislar uzog‘i bilan ikki yilda O’zbekiston xalqi lotin alifbosiga to’liq o’tishini qat’iyatlik bilan aytmoqdalar, va bu, albatta, real maqsad. Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni lotin yozuvida davom ettirilsa, ommaviy axborot vositalari lotinlashtirish jarayonlarini yoritib, lotin yozuvini keng targ‘ib qilsa, kutubxonalar fondi bu yozuvga tezkorlik bilan o‘girilsa, shuningdek, katta yoshdagi avlod hamda ayrim yoshlar orasida lotin yozuviga ijobiy munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilsa, bu maqsadga tez orada erishish mumkin bo‘ladi.

Dr. Saodat Adilova-Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi. U TDPUni tamomlagan, 30 yildan beri shu universitetda tilshunoslik, o‘zbek tili o‘qitish metodikasiga oid fanlardan dars berib keladi. 20 yildan ortiq vaqt davomida chet elliklarga o‘zbek tilini o‘rgatib keladi, 10 yildan beri AQShdagi Arizona davlat universitetida yozgi kurslarda o‘zbek tili va madaniyatidan dars beradi.
Rayn Shvitser – Oksus Jamiyatining Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchisi. U Kolumbiya universitetini bitirgan, O’zbekistonda Fulbrayt dasturi bo`yicha tadqiqot olib borgan.